Til sertifikati fanning rivojlanishi uchun byurokratik toʻsiq – Narzulla Joʻrayev boʻsh qolayotgan kvotalar haqida

Sifatni oshirish uchun ham avvalo sonni oshishi kerak. Fanni rivojlantirish uchun esa ilmiy izlanuvchilarga kengroq imkoniyat yaratish zarur. Sunʼiy toʻsiqlar joriy qilish har doim zararga ishlaydi. Ushbu mavzu yuzasidan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, professor Narzulla Joʻrayev fikr bildirdi. 

“Magistratura hamda doktoranturaga kirishdagi til sertifikati talabi Oʻzbekistondan boshqa joyda yoʻq. Bu fanning rivojlanishiga byurokratik toʻsiq deb qarayman. Ammo olim tushunchasining mohiyati hamda uning vazifasidan kelib chiqib til oʻrganish kerak deya olaman.

Axir hozirgi kunda bitta ona tili bilan inson oʻzining qobigʻida qolib ketadi. Dunyoga chiqolmaydi. Umuman olib qaraganda rus tili va ingliz tili kerak. Qolgan tillarni ham qoʻshimcha oʻrganish zarar qilmaydi. 

Ammo buni doktoranturaga kirmoqchi boʻlganlarga roʻkach qilib, muammo yaratmaslik lozim. Soʻnggi yillarda doktoranturaga ajratilayotgan kvotaning 50-60 foizigina qamrab olinyapti. Bu esa kvotaning deyarli yarmi boʻsh qolayotganini koʻrsatyapti. Sababi koʻpchilikning sertifikati yoʻq. Isteʼdodlar va ilm bilan shugʻullanish istagi bor yigit-qizlar doktoranturaga kirolmayapti. Eng alamlisi, nafaqat tayanch doktoranturaga hattoki mustaqil tadqiqotchilikka ham kirish uchun sertifikat talab qilinyapti. 

Endi oʻylab qaraylik, bu yoshlarning ishi bor, mashgʻulotlari bor, shulardan ortib ilm olmoqchi boʻlsa, unga davlat byudjetidan mablagʻ ajratilmasa, yoʻlini toʻsish oʻrniga imkon berish kerak emasmi? Balki barchasidan ham buyuk olim chiqmas, ammo qandaydir kashfiyotga yoʻl ochib berishi mumkin. Shu sababli byurokratiyani kamaytirish kerak. Qancha olim koʻp boʻlsa, isteʼdodlilari ichidan saralanib chiqadi. Agar faqat isteʼdodlisi olim boʻlsin desak juda katta xatoga yoʻl qoʻyamiz”, deydi professor.

Ma'rifat Ziyo platformasi

BARCHA ZIYOLILARNI BIRLASHTIRIB TURUVCHI TAFAKKUR KO‘PRIGIDIR